Fermerlarning don narxini oshirish bo‘yicha qilgan murojaatiga parlament munosabat bildirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Spiker boshchiligida siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, qo‘mitalar raislari va deputatlar ishtirokida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi murojaatnomasi yuzasidan quyi palatada yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Murojaatnomada fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarning g‘alla yetishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, ularning o‘z mehnatlariga yarasha daromad olishlari va shu orqali ularning g‘alla yetishtirish hajmlarini ko‘paytirishga qiziqishlari ortishini ta’minlash maqsadida qator takliflar bildirilgan.

Murojaatnomada ta’kidlanishicha, g‘alla xarid narxlari bozor narxlariga yaqinlashtirilgan sharoitda bir qator don korxonalari fermer xo‘jaliklaridan qabul qilgan g‘alla uchun hisob-kitobni yakuniga yetkaza olmayapti.

Buning sababi, don korxonalari bug‘doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosi uchun 1400 so‘mdan, ya’ni hukumat tomonidan belgilab qo‘yilgan qat’iy narxda sotishi bilan izohlanmoqda. Don korxonalari zarar ko‘rayotgani sababli fermerlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qila olmayapti.

Shundan kelib chiqib, mazkur murojaatnomada parlament vakillari e’tibori bir qator takliflarga qaratilgan. Xususan, davlat tomonidan g‘alla yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirish, fermer xo‘jaliklarida g‘alla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari hamda boshqa resurslarni yetkazib berishni to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazish orqali ushbu tizimni tubdan takomillashtirish lozimligi ta’kidlangan.

Mavzuga doir: O‘zbekistondagi g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotini bekor qilishni so‘radi

Ushbu murojaatnoma kelib tushgan kundayoq unda keltirilgan takliflarni har tomonlama o‘rganib chiqishga kirishish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhi murojaatnomada keltirilgan har bir dalil va taklifni joylarga chiqqan holda, don korxonalari, fermerlar hamda iste’molchilar bilan bevosita uchrashib, har taraflama o‘rganadigan, zarur chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan taklif tayyorlaydigan bo‘ldi.

https://daryo.uz/2019/10/03/fermerlarning-don-narxini-oshirish-boyicha-qilgan-murojaatiga-parlament-munosabat-bildirdi/

Social Share Buttons and Icons powered by Ultimatelysocial
error

Bizni kuzating

YouTube
YouTube
Telegram