Fermerlar davlatning g‘alla narxini sun’iy ushlab turishiga qarshi kampaniya boshladi
Fermerlar davlatning g‘allani arzon narxda sotib olishidan, ularning xarajati oshib ketayotgani ammo o‘z mehnatlaridan foyda ko‘rolmayotganidan norozi bo‘lishmoqda.
Togri.uz – Bir qator fermerlar davlat xaridlari bo‘yicha fermerlarning g‘allasiga past narx belgilanishi oqibatida daromad ko‘rmayotganlari tufayli g‘alla tannarxini oshirishni so‘rashdi.
G‘allaga ketadigan xarajatlar ko‘paymoqda
Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani “Mirzakarim Tesha ota” fermer xo‘jaligi rahbarining aytishicha,
“2002-yildan beri shu paytgacha fermerlik bilan shug‘ullanaman. Hamma sohalar bo‘yicha rejalarni ortig‘i bilan bajarib kelyapman. Bu yil paxta terimiga tushdik. Xudo xohlasa, majburiyatlarimizni bajaramiz, degan fikrdamiz. Bir narsani aytish kerak. Bug‘doy ham ekkanmiz. Ekilgan bug‘doyni xarajatlari sal ko‘payib ketyapti. Nega deganda, oxirgi paytda bug‘doyga kasallik ko‘p tushayapti. Har xil kasallik tushayapti. Unga ketadigan kerakli dorilarning hammasi narxi qimmat. Selitrani, amofosni, karbonidni narxi oshgan.”
“Tadbirkorlikni rivojlantirishga mablag‘ qolmayapti”
“Uning ustiga, 1-oktabrdan boshlab yana 20 foiz QQS qo‘shilyapti. Shuning uchun hosildorligimizdan kam daromad qolayapti. Kelajakda fermerlikni rivojlantirishiga yoki qurilish qilishga, tadbirkorlik qilib yangi narsani ishlab chiqarishga hozirgi kundagi mablag‘imiz yetmaydi. Shuning uchun bir gektar yerga o‘rtacha 4 million, 1 gektar yerga o‘rtacha hisobda ketayotgan xarajatlarni bunday hisoblasak bir gektar yerga 4,5-5 million so‘mga yaqin xarajat qilayapmiz.
Shuning uchun, agar iloji bo‘lsa, g‘allaning narxi ko‘rib chiqilsa, ozgina bo‘lsada fermerlarga ijobiy yordam berasizlar degan umidda shuni so‘raymiz. Prezidentimizga raxmat, paxtaning narxini o‘tgan yili oshirib berdilar. Birinchi terimda 1 kg paxta narxi 800 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 500 so‘mini fermer, qolgan 300 so‘mini Moliya vazirligi to‘lagandi. Bu yil buniyam yo‘q qilishdi. Iltimosim, g‘allaning narx-navosini ko‘rib, ijobiy hal qilishlarini so‘raymiz”.
“Bug‘doyning tannarxini fermerlar foydasiga oshirib bering”
O‘rtachirchiq tumani “Dostonbek-Azizbek” fermer xo‘jaligi rahbari ham g‘alla tannarxi qayta ko‘rib chiqilishidan umidvor:
“Fermer xo‘jaligimiz 176 gektar erdan iborat. Shundan 2019-yilgi hosilda 89 gektar bug‘doy. 81 gektariga paxta ekdik. Paxta yig‘im-terimini ham boshladik. Bu yil rejani bajaramiz, deb turibmiz. Bug‘doyimiz ham yaxshi bo‘ldi. Bug‘doy hosildorligini oshirish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qildik.
Lekin, murojaat deb qabul qilasizmi yoki oddiy dehqonning fikri deb qabul qilasizmi, bug‘doyning tannarxini ozgina bo‘lsada fermerlar uchun oshirib berishni ko‘rib chiqsalaring, nihoyatda yaxshi ish bo‘lardi. Prezidentimizga raxmat, paxtaning tannarxini oshirib berdilar, hisob-kitobini qilib ko‘rsak, nihoyatda yaxshi. Paxtadan yaxshi daromad bo‘ladi. Yaxshi bilgan fermer uchun, agarda u iqtisodchi bo‘lsa, reja bilan ish qilsa, paxtadan daromad qila oladi.”
“QQS qo‘shilmoqda, narx-navo oshmoqda”
“Lekin bug‘doyning ham tannarxini ozgina oshirsak, nur ustiga nur bo‘lardi. Sabab? Bugungi kunda kimyoviy o‘g‘itlar, yoqilg‘i, soliqlar oshib bormoqda. Masalan, 1 gektar yer uchun 600 kg selitra, 200 kg amofos ketadi. Ularning biri 800 ming, yana biri 950 ming turadi. Shuni 90 gektar bug‘doyga hisob-kitob qilsangiz, katta narx chiqyapti. Yana 1 oktyabrdan QQS qo‘shilyapti. Shularni hisobga olgan holda, bug‘doy tannarximizni ozgina oshirsa, ertaga yangi texnikalar olishimizga, xorijdan ham texnikalar olib kelishga katta imkoniyatlar yaratib bergan bo‘lardi. Gapimning oxirida bug‘doy narxini qayta ko‘rib chiqib, liberallashtirib berishlaringizni iltimos qilgan bo‘lardim”, deydi “Dostonbek-Azizbek” fermer xo‘jaligi rahbari.”
https://www.togri.uz/uz/jamiyat/fermerlar-davlatning-alla-narkhini-sunii-ushlab–21070