Qish iliq kelgani sabab mevali daraxt va sabzavotlar “uyg‘onmoqda”. Havo sovisa, ekinlar hosilsiz qolishi mumkin

Qish iliq kelishi ortidan O‘zbekiston tog‘ etaklaridagi bodom, o‘rik, shaftolilar gullay boshlagan. “O‘zgidromet” mutaxassisi qish yakunigacha bir necha marta qor yog‘ishi va sovuq bo‘lishini maʼlum qildi. Bunday vaziyatda ekinlar taqdiri nima bo‘ladi?

Foto: Facebook / Albert Popov

Bu yilgi qish ko‘proq iliq, baʼzan biroz sovuq bo‘layotgan o‘ynoqi havosi bilan ko‘pchilikni ajablantirmoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi qator sohalarga, xususan, qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarba berishi mumkin. Masalan, havoning ilishi daraxtlarni qishki uyquga ketadigan paytda gullatib yuboradi. Keyin birdan sovuq bo‘lishi ortidan bevaqt “uyg‘onib”, gullab yuborgan daraxtlar hosilidan ayriladi.

Foto: Facebook / Albert Popov

“O‘zgidromet” bo‘lim boshlig‘i Humoyun Mag‘ripovning aytishicha, qish yakunigacha 3-4 kun qor yog‘adigan, harorat 0 darajadan pastga tushadigan holatlar bo‘ladi.

“Aslini olganda, yanvar oyi sovuq kelgani yaxshi. Negaki, iliq kelgan qishning oqibatlari keyingi yil bahor va yozda bilinadi hamda u juda og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi. Masalan, qishloq xo‘jaligi va yaylovlar uchun og‘ir sharoit yuzaga keladi”, — dedi mutaxassis.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov ham “Daryo” muxbiri bilan suhbatda mintaqa qish oyida shimoldan kirib keladigan sovuqqa moyil ekanini aytdi.

“Bir marta bo‘lsa ham sovuq kirib kelib, havo harorati 10-15 darajagacha sovib ketishi xavfi mavjud. Agar bu yuz bersa, daraxtlar o‘z hosilidan 100 foizga ayriladi — keyingi yil hosil bermaydi. Undan asosan barg chiqadi, kamiga tezroq qarib qolishi kuzatiladi. Iqlim o‘zgarishining tibbiyot bilan qishloq xo‘jaligiga yetkazgan zarari asta-sekin bo‘y ko‘rsatadi”, — dedi olim.

Erkin Abdulahatov

Erkin Abdulahatov iliq qish qishloq xo‘jaligida nafaqat erta vegetatsiya, mevali daraxtlarda hosilning kamayishi, balki qurt-qumursqalar va turli kasallik xavfini ham oshirishini qo‘shimcha qilgan. Tadqiqotchining eslatishicha, 2016-yilning yanvar—fevral oylari iliq kechgani qishloq xo‘jalik yer maydonlarida sovuqlik taʼsirining yil boshidan ro‘y bermasligiga olib kelgandi.

“Oqibatda qishloq xo‘jalik sektorida erta vegetatsiya davri yuz bergan. Bahoriy namlik g‘alla o‘simliklarining ertaroq boshoqqa kirishi fazasida to‘satdan sariq va qo‘ng‘ir zang kasalligi tarqalgan. G‘alla dalalarida sariq zang kasalligining keng masshtabda tarqalishi hosilning 45-50 foizgacha kamayishiga olib keladi. Zang kasalligidan kuchli zararlangan bug‘doy somonini na molga berib, na uning donini tegirmonga solib bo‘ladi. Yurtimizda o‘shanda beqaror bahor oylarida katta g‘alla maydonlarida bug‘doy bargi atlas rangga kirib, zang kasalligiga uchragan edi”, — deya fikr bildirgan iqlimshunos.

Fermerlar kengashi vakili, agronom Ulug‘bek Xudoyberdiyev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda iliq qish hukm surayotgan vaziyatda mevali daraxtlar va sabzavotlar “uyg‘onib” ketmasligi uchun qanday chora ko‘rish kerakligi haqida gapirdi.

“Qishning iliq kelgani sabab erta gullaydigan bodom, shaftoli, o‘riklarni kechasi, havo harorati pasaygan paytda sug‘orish kerak. Shunda ularning “uyg‘onishi” 10-15 kunga sekinlashadi. Agar meva gullagan vaziyatda havo sovib ketsa, u bor mevasidan ayriladi. Kech gullagan daraxtlargina mevasini “ushlab qoladi”. Uzumlarni ham sug‘orish, imkoni bo‘lsa, mart oyigacha tuproqqa ko‘mib qo‘ygan yaxshi. Davomli iliq havo sentabrdan oldin ekilgan piyoz, sarimsoq piyoz va boshqa ekinlarni urug‘lashga olib keladi. Shuning uchun ularni ham doimiy sug‘orish lozim. Meva va sabzavotlarni haftada bir marta sug‘orsa bo‘ladi. Hozirgi iliq havo sentabrda sepilgan g‘allalarga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Ularga ham suv berib turish kerak”, — dedi agronom.

Erkin Abdulahatov ochiqlikdagi daraxtlar erta “uyg‘onib” ketmasligi uchun ilm-fan yutuqlari borligini ham taʼkidlagan. Yaʼni hozirgi havo to‘lqinlarida 5-6 daraja farq mavjud va daraxtga taʼsir o‘tkazish orqali uning tanasidagi haroratni 2 darajaga pasaytirib tursa bo‘ladi.

“Bu huddi odam isitmasini shpris orqali pasaytirishga o‘xshash jarayon. Agar mazkur usul dekabr oyi boshlarida qo‘llanganda, ancha foydali bo‘lardi. Hozirda daraxtlarga stress asosan tog‘ etaklarida bo‘lyapti, tekislik hududlarida esa u darajada emas. Tog‘ etaklarida noyabr va dekabr oylarida isish kuchli bo‘ldi. Oqibatda ko‘plab hududlarda bodom va boshqa daraxtlar gullab yubormoqda”,—deya holatni izohlagan olim.

Daraxt va uning bo‘lg‘usi hosilini asrab qolish uchun ildiz tagiga muz solib qo‘yish ham samara beradi. Bu usul ham daraxtning uyg‘onib ketish “kayfiyat”ini pasaytiradi.

Umuman olganda, mevalar va sabzavotlarning qay darajada hosil berishi qishning keyingi “qadamlariga” bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

https://daryo.uz/2024/01/09/iliq-qish-mevasabzavotlarni-uygotmoqda-havo-sovusa-ekinlar-hosilsiz-qolishi-mumkin?utm=tg-uz

Social Share Buttons and Icons powered by Ultimatelysocial
error

Bizni kuzating

YouTube
YouTube
Telegram