Respublika ishchi guruhi Surxondaryodagi tomorqalarni ko’zdan kechirdi
Karantin davri bo’lishiga qaramay, Surxondaryoda bahorgi dala ishlari, tomorqada meva-sabzavotlarni yetishtirish to’xtagani yo’q. Yerning tilini biladigan vohaliklar ter to’kib, tomorqalarida mehnat qilishmoqda. Kuni kecha viloyatga tashrif buyurgan O’zbekiston fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo’mitasi raisi Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh vakillari ham bunga guvoh bo’lishdi. Ishchi guruh a’zolari vohadagi dehqon xo’jaliklari, aholi tomorqalariga ekin ekish holatini o’rganishdi.
Aytish kerakki, hozirda vohada davlat va fermer xo’jaliklari ixtiyoridagi qishloq xo’jaligida foydalanish mumkin bo’lgan yerlardan tashqari, aholining 49 ming 900 gektardan ortiq shaxsiy tomorqa yer maydonlari ham mavjud. Hozirgi sharoitda yerni qadrlagan, unga mehr qo’ygan mirishkor vohaliklar tomorqasida o’z iste’moli uchun zarur bo’lgan mahsulotlarni yetishtirib, bundan yaxshigina qo’shimcha daromad qilib kelmoqda. Bundan tashqari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, pillachilik bilan shug’ullanib, ro’zg’origa baraka kiritmoqda.
Misol uchun Angor tumanidagi «Yuqori tallimaron» mahallasida yashovchi Hamid Yusupov tomorqasining 9 sotix maydonida 2 ta issiqxona tashkil etgan. Unda pomidor va bulg’or qalampiri yetishtirib, samarali mehnat qilmoqda.
— Birinchi ekinning o’zidan 30 milliondan ortiq daromad oldim, — deydi Hamid Yusupov. — Hozirda ikkinchi ekin sifatida ekilgan sarimsoq piyozni parvarishlayapman. Bundan tashqari, mahallamizda yashovchi aholi tomorqasining umumiy maydoni 198 gektarni tashkil qiladi. Bu hududda yetishtirilgan mahsulotlar tuman aholisini hamda boshqa viloyat va qo’shni davlat aholisi uchun ham yetishtirilib, yetkazib berilmoqda. Hozirgi kunda hududda 102 ta issiqxona mavjud bo’lib, ularda pomidor, bodring, bulg’or qalampiri, va boshqa turdagi poliz ekinlari ekilgan.
Suhbat va muloqotlar chog’ida ishchi guruh a’zolari bu ish tajribasini barcha xonadon va mahallalarda keng targ’ib qilish kerakligini ta’kidlashdi.
Jarqo’rg’on tumanida ham 34 ming 265 ta xonadonning 4 ming 300 gektar tomorqa yer maydoni mavjud bo’lib, aholi tomorqasidan samarali foydalanishi uchun zarur choralar ko’rilmoqda. Yerdan unumli foydalanish bo’yicha katta tajriba to’plagan jarqo’rg’onliklar yer maydonida barcha turdagi noz-ne’matlar parvarishlanmoqda. Ayni paytda bu yerda bulg’or qalampiri, pomidor, bodring, karam, piyoz, sabzi, sarimsoqpiyoz, kartoshka singari mahsulotlar pishib yetilgan. Tomorqalardan olingan hosilning ortgani bozorlarga chiqarilayapti.
— Bugun davlatimiz rahbari ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni eng birinchi masala sifatida ko’ndalang qo’ymoqda, — deydi O’zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi raisi Alisher Ro’ziyev. — Shuni hisobga olgan holda vohada aholi tomorqalarining 26,5 ming gektariga ertaki, qolgan maydonlarga o’rtaki va to’qsonbosti ziroatlari ekilgan. Albatta, natijada joriy yilda surxondaryolik tomorqa yer egalari 346 ming tonna sabzavot, 60 ming tonna poliz, 106 ming tonna kartoshka, 3,8 ming tonna dukkakli va 36 ming tonna boshqa turdagi mahsulotlarni yig’ib olishadi. Ularning 376 ming tonnasi ichki iste’molga yo’naltirilsa, 559 ming tonnasi ichki bozorlarga chiqariladi. 307 ming tonna turli qishloq xo’jaligi mahsuloti esa xorijga eksport qilinishi kutilmoqda.
Partiya ishchi guruh vakillari boshqa tumanlardagi xonadonlarning ham tomorqalarini borib ko’rishdi va ularga tomorqaning har bir qarichidan samarali foydalanish bo’yicha zarur tavsiyalar berdi.
Respublika ishchi guruhining aholi tomorqalariga bahorgi ekinlarni ekish bo’yicha holatlarni o’rganish jarayonlari davom etmoqda.