Buxoroda aholini qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash borasida qanday choralar ko’rilyapti?

Prezidentimiz joriy yil 19 mart kuni mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor bo’lgan muhim hujjatga imzo chekdi. “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida”gi ushbu farmon o’z vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga ega.

Ta’kidlash joiz, mazkur farmon bilan tadbirkorlarga ko’plab imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilgan. Xususan, 1 oktyabrga qadar tadbirkorlarning ishlatilmagan ob’yektlari bo’yicha mulk solig’i va yer solig’ining oshirilgan stavkasi qo’llanilmaydi. Qolaversa, 1 noyabrga qadar koronavirus pandemiyasi tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalar bankrot deb e’lon qilinmaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda O‘zLiDeP vakillaridan tarkib topgan ishchi guruh 30 mart kuni Buxoro viloyatidagi uchrashuvlari doirasida G’ijduvon tumanida joylashgan “Parvoz Xumo ravnaq teks” MChJda bo’lib, tadbirkorlarga mazkur farmonning mazmun-mohiyatini yetkazdi.

Video:

– Mamlakatimizda ushbu infeksiyaning keng tarqalib ketishiga yo’l qo’ymaslik hamda kasallikni davolashga barcha kuch va vositalar safarbar qilindi. Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni esa o’z vaqtida qabul qilingan muhim hujjat bo’ldi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o’rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov. –Boisi farmonga ko’ra, karantin davrida tadbirkorlik sub’yektlaridan 3,6 mingdan yuqori davlat mulki ob’yektlari uchun ijara haqi olinmaydi. Shu bilan birga barcha loyihalar bo’yicha investitsiya majburiyatlarini bajarish 6 oyga uzaytirildi. Eng muhimi, karantin davrida tadbirkorlarning bank hisoblarini to’xtatib qo’yish man etilib, tovarlarni yetkazib berish va tashish xizmatlarini litsenziyalash vaqtincha bekor qilindi.

Uchrashuv davomida koronavirus pandemiyasining aholi va tadbirkorlik sub’yektlarida kreditlarni qaytarish bilan bog’liq salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida ularning kredit to’lovlari muddatlarini uzaytirish yuzasidan murojaatlarini ko’rib chiqishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish bo’yicha kredit tashkilotlariga ko’rsatmalar berilgani ham aytib o’tildi.

Bugungi kunda G’ijduvon tumanida 3195 gektar tomorqa yer maydonlari mavjud. Shundan 2735 gektariga ertaki, 919 gektariga o’rtaki ekinlar ekish rejalashtirilgan. Ayni paytda esa 546 gektar maydonga sabzavot, 388,9 gektarga kartoshka, 23 gektarga dukkakli ekinlar va 865 gektarda boshqa turdagi ekinlar ekilgan.

Shu kuni deputatlar tumandagi “Armichan”, “Ko’lijabbor” va “Buktaroy” nomidagi mahallalarda bo’lib, aholi xonadonlarida tashkil etilgan issiqxonalar faoliyati bilan tanishdi.

“Buktaroy” MFYda yashovchi E.Boltayev, G’.Roziqov, Q.Tursunovlar o’z tomorqasida issiqxona tashkil etib, dehqonchilik bilan shug’ullanib kelayotgan ishbilarmonlardan. Hozirda bu tadbirkorlar o’z xonadonida issiqxona tashkil etib, oilasi farovonligi va bozorlarimiz to’kinligiga munosib hissa qo’shib kelayotir.

Muloqotlar davomida xalq noiblari yerning har qarichi oltinga tengligini, agar yaxshi mehnat qilinsa, bizning iqlim sharoitimiz yil davomida dehqonchilik qilish imkonini berishini ta’kidladilar.

“Xatcha” mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Saydulla Bozorov o’z tomorqasining 1.5 sotixiga kartoshka va sabzavot ekinlari yetishtiryapti. Ishchi guruh a’zolari uchrashuvlari davomida  ushbu xonadonda ham bo’ldilar.

– Hadisini olganga tomorqa koni foyda. 10 sotixdan ortiqroq tomorqamiz bor. Har yili pomidor, sabzi, kartoshka singari mahsulotlar yetishtirib, yaxshigina hosil olamiz. Qolaversa, ortiqcha mahsulotlarni bozorda sotib, kam-ko’st uchun sarflaymiz, – deydi S.Bozorov.

Uchrashuvda Prezidentimiz raisligida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurarshishni kuchaytirish masalalariga bag’ishlab o’tkazilgan yig’ilish hamda davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida belgilangan vazifalar haqida ma’lumotlar berildi.

Romitan tumanida istiqomat qiluvchi Farhod aka hovlisiga qadam qo’ygan kishi saranjom-sarishtalik, tozalikni, ayniqsa, tomorqani ko’rib, “Fayzli, qut-barakali xonadon ekan”, degan xulosaga kelishi tayin. Gap shundaki, bu oila uch sotix yerda issiqxona barpo etgan. Ayni damda bu yerda qulupnay yetishtirilyapti.

Kunning ikkinchi yarmida deputatlar ushbu xonadonda ham bo’lib, bu yerda barpo etilgan issiqxona faoliyatini ko’zdan kechirdi. Tadbirkor bilan suhbatlashib, muammolarini o’rgandi. Faoliyatini yanada keygaytirishida qanday muammolar bo’lsa, deputatlar va partiya vakillari ularni bartaraf etishga tayyorligini bildirdi.

Ishchi guruh a’zolari mazkur uchrashuvlar doirasida Jondor tumanida ham bo’lib, aholini tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish holatini o’rgandi, tadbirkor, fermer va tomorqachilar bilan muloqot qildi.

Ma’lum bo’lishicha, bugun tumanda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MChJ hududdagi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bunda, tuproq-iqlim sharoiti va suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib, qaysi turdagi ekinlarni ekish, parvarishlash, mahsulotni yig’ib olish va uni sotish bo’yicha amaliy yordamlar ko’rsatmoqda. Ayni chog’da “Tomorqa xizmati” korxonasi yarim gektar issiqxonada ertapishar tarvuz yetishtirayotir.

Uchrashuv davomida deputatlar tomorqa — har bir oilaning bamisoli xazina manbai, mo”jaz go’shasi ekanini aytib, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda belgilangan imtiyozlar haqida tushunchalar berdi.

Social Share Buttons and Icons powered by Ultimatelysocial
error

Bizni kuzating

YouTube
YouTube
Telegram