G‘alla parvarishida muhim bosqich: dalalarda oziqlantirish ishlari jadallashdi

Ayni kunlarda tumanimiz fermer xo‘jaliklarida g‘alla maydonlarini parvarishlash ishlari izchil davom etmoqda. Xususan, bugungi davr g‘allaga mineral o‘g‘it berish, ya’ni oziqlantirish uchun eng muhim va mas’uliyatli pallalardan biri hisoblanadi. Shu bois fermerlar tomonidan dalalarda oziqlantirish ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bahor mavsumida g‘allani oziqlantirish uning keyingi rivoji va hosildorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, azotli va boshqa mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida oziqlantirilgan g‘alla ildiz tizimini mustahkamlaydi, poyaning rivojlanishini tezlashtiradi hamda boshoq hosil qilish jarayonini yaxshilaydi.
Shuningdek, bahorgi oziqlantirish natijasida o‘simliklarning kasallik va zararkunandalarga chidamliligi ortadi, namlikdan samarali foydalanish imkoniyati kengayadi. Bu esa yakuniy natijada hosildorlikning oshishiga, don sifatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Ayni paytda tumanimiz fermer xo‘jaliklarida g‘alla maydonlariga zarur me’yorlarda mineral o‘g‘itlar berilib, agrotexnik tadbirlar belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Dalalarda olib borilayotgan bunday tizimli ishlar kelgusida mo‘l va sifatli hosil yetishtirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Albatta, har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va sifatli bajarish dehqonchilikda muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Shu ma’noda, bahorgi oziqlantirish ishlarining puxta yo‘lga qo‘yilgani tumanimizda g‘allachilik samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
✍️ UzFK
