“Katta Farg‘ona kanali qurilishidan keyingi ulkan ish” — Oltiariqdagi 1000 gektarlik adirda barpo etilgan uzumzordan reportaj

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida 1000 gektarlik adir uzumzorga aylantirildi. Loyiha viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilib, bog‘ 45 kunda tayyor holga keltirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev may oyida Farg‘onaga tashrifini Oltiariqdan boshlagan edi va ushbu uzumzorda bo‘lib, uni tashkil qilgan faollar bilan uchrashgandi. “Daryo” muxbiri bog‘ hozir qayday holatda ekani, ko‘chatlar qay darajada ko‘karganini aniqlash maqsadida uzumzorga bordi.

Foto: “Daryo”

Har bir oilaga 20 sotixdan

Mazkur uzumzor barpo etilishida faol qatnashgan, uzumchilik bo‘yicha mutaxassis Husanboy G‘ofurov bog‘ kimlarga bo‘lib berilayotgani haqida ma’lumot berdi.

Husanboy G‘ofurov

“Oltiariqliklar bu bog‘ni Katta Farg‘ona kanali qurilishidan keyingi eng ulkan ish bo‘ldi, deyishmoqda. Uzum bog‘i 45 kun ichida mana shu holatga keltirildi. 2-3 yildan so‘ng, ko‘chatlar hosil bera boshlaydi. Adir bo‘lishiga qaramay, buyoqda yer ham yaxshi, suv ham muammo emas. 1 gektar yerdan 15 tonna hosil olish mumkin. Erta bahorda ekilgan uzumlar bo‘yi bugun yarim metrdan oshdi. Bu yerlar “Temir daftar”ga kiritilgan va yosh oilalarga 20-25 sotixdan, 7 yilga (3 yillik imtiyoz bilan) 14 foizli kredit asosida taqsimlab berildi. Eng yaxshi tomoni, 7 yil davomida 25 million so‘m to‘langach, bu yerlar xususiy mulkka aylanadi. Ko‘chatlar ham, toklar ham kredit mablag‘lari ichiga kiradi va bog‘ egasiga tayyor holatda topshiriladi”, – dedi u.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, hozir bog‘ uchun ajratilgan 1000 gektardan 560 gektariga uzumlar ekib bo‘lingan. Mevalarni sug‘orish texnikalar yordamida bajariladi va bunga alohida ishchilar biriktirilgan.

Foto: “Daryo”

“Prezident bog‘ni ko‘rib juda quvondi”

Bog‘ga rizamat, kishmish, kelinbarmoq, mers, husayni kabi uzum navlari ekilgan. Oltiariq tumani hokimligining ma’lum qilishicha, uzumzordagi 20 sotix yerdan bir yilda 56 million so‘m foyda ko‘rish mumkin.

Foto: “Daryo”

Eng muhimi 4000 ta ish o‘rni yaratiladi. Uzum bog‘ga ko‘chat ekish bo‘yicha ish boshqaruvchi, agronom Is’hoqjon Boymatov prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu bog‘ga tashrifini quvonch bilan yodga oldi.

Foto: “Daryo”

“Davlatimiz rahbari uzumzorni ko‘rib juda xursand bo‘ldilar. Shunday notekis qir-adirlarda bog‘ barpo qilingani prezidentni quvontirdi. “G‘allaorol (Jizzax) tomonlarda tekis adirliklar turibdi. U yoqlarda ham shu yerdagidan o‘rganib, bog‘ qilsa bo‘ladi-ku. Shu yerda hayot bo‘lsa, odamlar keladi: uy, maktablar quriladi, kelajak paydo bo‘ladi. Yana qancha qancha adirliklar yotibdi. Bu tizimni butun respublikaga joriy qilish kerak”, dedilar. Uzumzorda men bilan gaplashdilar. Minnatdorlik bildirib, xursand bo‘ldilar. Davlat rahbariga biz uzumchilik bo‘yicha yangi tizim yaratib berdik, dedim. Prezidentda bu bog‘ni ko‘rib boshqacha faxr paydo bo‘ldi”, – deydi u.

Foto: “Daryo”

“Ko‘chatlar hosilga kirguncha ham daromad olsa bo‘ladi”

Uzumzor ta’minotchisi Elmurod Nazarovning aytishicha, adirga uzum ko‘chatlaridan tashqari boshqa bir qancha ekinlar ham ekilgan.

Elmurod Nazarov

“Bu yerga uzumlardan tashqari tarvuz, qalampir, bulg‘or qalampiri, loviya ham ekib berdik. Ekinlar uchun suv 280 metr chuqurlikdan chiqarilmoqda. Har 50 gektar yerga bitta membrana o‘rnatilgan. Bitta membrananing atrofida 3-4 tadan drenaji mavjud. Undan membrananing ichiga suv tushib to‘planadi va tomchilash usuli bilan yer ichiga tarqatiladi. Hamma ko‘chatlar bexato ko‘kargan. 1 gektar yerga 550 tupdan uzum ekildi.

Foto: “Daryo”

Hozirda birinchi bitirilgan 300 gektar yerdan ilk tarvuz hosilini oldik. Shu yerlarda shunaqa yerlar bor ekan bilmay yurgan ekanmiz. Bu darajada chiroyli bo‘lishini birov aqliga sig‘dira olmasdi. Tuproq yaxshiligidan hech qanday dorilarsiz ham tarvuzlar pishmoqda”, – dedi mutaxassis.

Foto: “Daryo”
Foto: “Daryo”

Aytilishicha, uzumlarni eksport qilish bo‘yicha klasterlar tashkil qilinmoqda. Mahalliy tadbirkorlar ham mevalarni sotib olishlari mumkin. Shu bilan birga, hududda katta sig‘imli muzlatkichli omborlar va 2 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi.

https://daryo.uz/2022/06/15/katta-fargona-kanali-qurilishidan-keyingi-ulkan-ish-oltiariqdagi-1000-gektarlik-adirda-barpo-etilgan-uzumzordan-reportaj/?utm_source=@daryo

Social Share Buttons and Icons powered by Ultimatelysocial
error

Bizni kuzating

YouTube
YouTube
Telegram