O‘zLiDePning koronavirus bilan bog’liq vaziyat bo’yicha murojaati
Qadrli yurtdoshlar!
Barchamiz xabardormiz, shu kunlarda koronavirus epidemiyasi bugun dunyo ahlini xavotirga solib qo’ydi. Ming afsuski, kutilmagan ushbu balo mamlakatimiz sarhadlariga ham kirib keldi. Tabiiyki, bu bizning hamyurtlarimiz orasida turli savollarni yuzaga keltirmoqda.
Bu borada hech qanday vahimaga o’rin yo’qligini takror va takror ta’kidlamoqchimiz va ko’p sinovlarni boshidan o’tkazib, ularni mardona yenggan dono xalqimizni ahillikka, yanada hamjihat bo’lishga chaqiramiz.
Partiyaning ko’p ming sonli a’zolari, xayrixohlari va xalqimizga qarata shuni aytmoqchimizki, mamlakatimizda murakkab epidemik vaziyat, bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishini oldini olish borasida juda jiddiy tibbiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda kasallik manbaini jilovlash, kasallik yuqish yo’llarini bartaraf qilish bo’yicha zarur zaxiralar shakllantirilgan. Eng asosiysi vaziyat shaxsan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nazoratida turibdi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha ushbu dolzarb masala yuzasidan xalqimizga murojaat qilgani va unda vaziyat to’liq nazorat ostida ekanligini alohida ta’kidlab, bajarilishi lozim bo’lgan navbatdagi vazifalar ko’lamini belgilab berganligi ayni muddao bo’ldi.
Shu o’rinda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi yuzaga kelgan vaziyatni o’nglash borasida quyidagilarga e’tibor qaratish lozim deb hisoblaydi:
– Koronavirus tufayli mamlakatimizda e’lon qilingan karantin holati aslida sizu-bizning, farzandlarimizning salomatligini muhofaza qilish uchun joriy etilganligini teran his etgan holda kasallikni yashirmasdan, o’z vaqtida murojaat qilish, har birimiz shaxsiy gigiena va sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilishimiz zarur;
– ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli asossiz xabarlarga ishonmasdan, faqat va faqat rasmiy axborotlar va mutaxassislarning tavsiyalariga qat’iy rioya etishingizni so’raymiz. O’z navbatida hozirgi qaltis vaziyatda barcha OAV vakillarini aholiga zarur ma’lumotlarni o’z vaqtida va ob’yektiv tarzda yetkazishlariga ishonamiz va ularni shunga da’vat etamiz.
– bundan keyin videokonferensiya formatida ishlash, virus tarqalishining oldini olish bo’yicha zarur choralarni ko’rish, fuqarolar o’zini-o’zi bu xavfdan ishonchli himoya qilishi lozim deb hisoblaymiz. Ommaviy tadbirlar bo’ladigan joylarda kamroq bo’lish, ayniqsa, shaxsiy gigiena talablariga qat’iy rioya qilish zarur ekanligini yana bir bor eslatib qo’ymoqchimiz. Mazkur jarayonda Sog’liqni saqlash vazirligi, tegishli tibbiyot muassasalari virus tarqalishining og’ir oqibatlarining oldini olish va bartaraf etish uchun zarur jihozlar va apparatlar bilan ta’minlash choralarini zudlik bilan ko’rishi zarur ekanligini ta’kidlamoqchimiz;
– joylarda komissiyalar tuzib, ularda deputatlarning ishtirokini ta’minlash, ayniqsa, dorixonalarda niqoblar, zarur dori-darmonlar narxining oshib ketishi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o’rnatish zarur deb bilamiz;
– majburiy ta’til paytida ota-onalar o’z farzandlarining bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratishlari, ularni kitob o’qishga da’vat etishlari maqsad muvofiqdir;
Mamlakatimiz bo’ylab e’lon qilingan karantin bilan bog’liq ayrim cheklovlarni to’g’ri tushunish hamda ularni buzmaslik barchamizning eng muhim vazifamizdir. Bunday kasalliklarga qarshi turishda qat’iyatlilik va tartib-intizom katta samara berishini unutmaylik.
Kasallik o’chog’ida bo’lgan, qolaversa, ushbu xastalikka chalinganlar bilan muloqotda bo’lgan yurtdoshlarimiz o’z vaqtida bu haqda tegishli tibbiyot muassasasiga xabar berishi nafaqat uning o’ziga amaliy yordam berilishini, balki ko’plab boshqa yurtdoshlarimizni ham ushbu xatarli xavfdan xalos etishini ta’kidlab o’tmoqchimiz. Sog’liqni saqlash vazirligi mas’ullari berayotgan tavsiyalarga imkon qadar to’g’ri amal qilaylik.
El boshiga tushgan tashvishdan o’z manfaati yo’lida foydalanishga urinayotgan ayrim qo’shtirnoq ichidagi “tadbirkorlar” tomonidan sotilayotgan mahsulotlar va ko’rsatilayotgan xizmatlar narxini oshirishga bo’layotgan holatlarni ko’rganimizda befarq bo’lmaylik.
Takror bo’lsada aytish kerakki, koronavirus tufayli mamlakatimizda hech qanday oziq-ovqat tanqisligi kuzatilmaydi. Negaki, mamlakatimizda 98 foiz oziq-ovqat mahsulotlari mahalliylashtirilgan. Deyarli barcha xom ashyo yurtimizda yetishtiriladi. Chetdan faqat kakao va qahva donlari, sitrus mevalar kabi mahsulotlar import qilinadi. Shunday ekan, oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlaydi yoki taqchillik bo’lishi mumkin, degan xavotirga aslo o’rin yo’q. Qolaversa, oziq-ovqat va boshqa kundalik iste’mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun Davlat soliq qo’mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi departament bu boradagi ishlarni kuchaytirgan.
Shuningdek, ish beruvchi vazirlik, idoralar, korxonalar rahbarlari, u yerda ishlovchi xodimlar cheklovchi chora-tadbirlarga qat’iy amal qilishlari lozim. Bu esa o’zlarining bebaho hayoti uchun muhim omil ekanini yaxshi anglashlari kerak. Isitmasi bor xodimlar ikki hafta davomida uyida karantin sharoitida bo’lishi va bu rejimni buzmasligi kerak. Bemorlar holidan xabar olish, ko’ngil so’ragani borishni vaqtincha to’xtatib turish, maqsadga muvofiqdir.
Aziz yurtdoshlar!
Prezidentimiz xalqimizga qilgan o’z murojaatida ta’kidlaganidek, shu davrgacha hayotning ko’p og’ir sinovlarini, yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan yurtdoshlarimiz bu baloga qarshi kurashda hamjihatlik hamda bir yoqadan bosh chiqarib, bir tanu bir jon bo’lib harakat qilishlariga ishonchimiz komil. Shunday ekan, ortiqcha vahima-xavotirlarga berilishga hech qanday asos yo’q. Boisi, davlatimiz biz bilan hamisha kamarbasta va eng murakkab vaziyatlarda to’la-to’kis har tomonlama qo’llab-quvvatlashga, amaliy ko’mak berishga tayyor. Asosiysi, bunday epidemiyalarga qarshi samarali ish olib borishda davlatimiz yetarlicha tajriba va tibbiy salohiyatga ega. Bizdan faqat bir narsa talab qilinadi. Ya’ni sanitariya-gigiena talablariga qat’iy tarzda rioya qilib, o’zimiz va oila a’zolarimizni xavfli infeksiya yuqishidan himoya qilishdir. Mavjud vaziyatni to’g’ri tushunib, masalaga ongli yondashsak, hammamiz yakdillik va hamjihatlik bilan ish tutsak bu qiyinchiliklar, albatta, ortda qoladi.