Parlament palatalari qo‘shma qarorining ijrosi o‘rganilmoqda

Avvalroq xabar berganimizdek, Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tajiyev boshchiligidagi ishchi guruh parlament palatalarining “Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatlarda aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, dala chetlaridan unumli foydalanish hamda aholi xonadonlarida to‘qsonbosti ekinlarni ekish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganmoqda.

Xususan, senator Buxoro viloyatining Buxoro tumanida “O‘ktam Ibrohim to‘qli” fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini ko‘zdan kechirdi.

Qayd etilishicha, fermer xo‘jaligi umumiy yer maydoni 85 gektar bo‘lib, shundan 28 ga g‘alla, 10 ga chorva oziqasi, 40 ga paxta hamda 7 ga sabzavotchilik bilan shug‘ullanib kelinmoqda.

Bundan tashqari, paxta va g‘alla dalalari atrofiga oshqovoq, loviya, sholg‘om va tut ko‘chatlari ekilgan, uzumchilikni yo‘lga quyish maqsadida shpallerlar o‘rnatilgan. G‘alladan bo‘shagan 10 ga maydonga takroriy ekinlar yetishtirilmoqda.

Fermer xo‘jaligi yetishtirilgan mahsulotlarni chet davlatlarga eksport qilish bilan birga ichki bozorlarni ham taʼminlab, bozorlardagi narx-navolarning barqaror saqlanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Shundan so‘ng ishchi guruh “Yangi turmush” MFY hududida joylashgan “Ipakchi” qishlog‘ida bo‘lib, tut va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlarini yetishtirish ishlarini o‘rgandi.

Mahallada o‘tgan yili kech kuzidan iqlim-sharoitga mos bir million tupga yaqin tut va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilgan.

Birgina “Ipakchi” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Rahmon ota Xo‘jamurodov aynan shu kecha-kunduzda ham atigi 4,5 sotix tomorqa maydonida 15 ming tup niholni yetishtirib, tutchilik xo‘jaliklariga yetkazib bermoqda.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari dala chetlariga tarvuz, oshqovoq va sabzavot ekinlari ekib, yerdan samarali foydalanib kelayotgan dehqonlar bilan uchrashib, fikr-mulohazalar almashilib, eksport salohiyatini yaxshilash, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholining arzon va sifatli mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berdi.

Hududlardagi o‘rganishlar yakunlarini Qo‘mita majlisida muhokama qilish rejalashtirilgan.

https://senat.uz/in-places/post-1313

Social Share Buttons and Icons powered by Ultimatelysocial
error

Bizni kuzating

YouTube
YouTube
Telegram