Tomorqasini xazinaga aylantirayotganlar
Mamlakatimizda tomorqa oila uchun rizq-ro‘z, qo‘shimcha daromad manbai ekanligini ko‘pchilik yaxshi biladi. Gulchehra Aslonova Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Jaloyir” mahallasida yashaydi. U yer tilini, qishloq xo‘jaligi ilmini yaxshi biladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘z tomorqasini xazinaga aylantirgan.
– Bugun odamlarning yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarib, dehqonchilikka qiziqishi ortgan, – deydi G.Aslonova. – To‘g‘ri, bugungi kunda bozorlarimiz turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘la. Narxlari ham hamyonbop. Bozorlarimizdan nimani izlasangiz topasiz. Lekin har kuni o‘z tomorqangizda yetishtirilgan mahsulotlarni iste’mol qilishning o‘z gashti bor. Birinchidan, sarf-xarajat qilmaysiz. Ikkinchidan, mehnatingizning samarasini ko‘rish zavq bag‘ishlaydi. Uchinchidan, kunlik keragicha olib ishlatasiz.
Bugungi kunda opa tomorqasida qulupnay, pomidor, bodring yetishtirib, bozorga chiqarayotganligi ortidan oilasi uchun qo‘shimcha daromad keltirishi barobarida bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Dehqonchilik hadisini olgan tomorqa yer egalaridan yana biri tumandagi “Galabek” mahallasida yashovchi Shakaroy Pardayevadir.
Opa o‘zining 15 sotixli tomorqasida kartoshka, sarimsoqpiyoz, qulupnay va boshqa sabzavotlar ekib, samarali foydalanib kelmoqda. Bundan tashqari, mevali daraxtlarning bir necha xil navlarini parvarishlab, mevalarini bozorga chiqarmoqda.
– Daromadimiz mehnatimizga yarasha. Nolimaymiz. Farzandlarimiz bilan el dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida mehnat qilamiz. Mehnat qilgan elda aziz, deyishadi. Mehnatimiz orqasidan ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz to‘kin. “Qora qozon”imiz qaynab turibdi, – dedi Sh.Pardayeva.
Albatta, yurtimizda aholining tomorqadan samarali foydalanishi, xalqimizning an’anaviy turmush tarziga aylanib ketgan tomorqachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2023 yil 31 yanvarda qabul qilingan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlar berilyapti.
– Xatirchi tumanida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sa’y-harakati bilan tomorqa xo‘jaligini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, birgina 2022 yilda 850 issiqxona qurib ishga tushirilgan, – deydi viloyatga biriktirilgan vakil, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi M.Turdiyev. – Tumanda erta bahorda 1 ming 997 gektar aholi tomorqalariga turli qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan bo‘lsa, 2 ming 659 gektar maydonga takroriy ekinlar ekilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2 ming 833,5 gektar yerga to‘qsonbosti ekinlari, shundan 742,2 gektarga sarimsoqpiyoz, 410,9 gektarga piyoz, 627 gektarga sabzi, 67,7 gektarga osh lavlagi, 985,7 gektarga turli ko‘katlar va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish bo‘yicha mahallalar kesimida manzilli dasturlar ishlab chiqilgan. Bugungi kunda tumanda 37 ta mahallada “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida xatlov o‘tkazilib, unda fuqarolarning ichki imkoniyati va talab-istaklari inobatga olingan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA
https://uza.uz/oz/posts/tomorqasini-xazinaga-aylantirayotganlar_498382