O‘zbekistonda havo keskin soviydi. Meva va sabzavotlarni yana sovuq uradimi?
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, 15—17-aprel kunlari O‘zbekistonga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Baʼzi joylarda harorat nol darajagacha pasayishi mumkin. O‘zAning yozishicha, hozirgi mavsum uchun tunda havo haroratining nol darajaga pasayishi, tuproq sirtida ham haroratni sezilarli darajada pasaytirishiga olib keladi. Bu qishloq xo‘jaligi uchun “sovuq urish” (zamorozok) hodisasini keltirib chiqarishi mumkin. Xo‘sh, bunday haroratda meva va sabzavotlarni sovuq urishidan saqlab qolsa bo‘ladimi?
Namangan viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Nosirjon Kayumov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda havo harorati pasaygan paytda hosilni asrab qolishning bir necha turlari borligini aytdi.
“Havo harorati sovib ketadigan bo‘lsa, mevali bog‘larda tutun hosil qilish kerak. Shunda haroratni maksimal iliq ushlash mumkin. Bunday vaziyatda tutundan boshqa chora yo‘q. Masalan, 1 gektarli bog‘ning 10-15 ta joyida xashak yoqib, tutatish foyda beradi. Bizda shuning natijasi yaxshi bo‘lgan. Hozirgi sharoitda daraxtlar ancha meva tugib olgan. Shuning hisobiga hosilni ushlab qolish imkoni yuqori. Daraxtlar tanasiga suv yurgani uchun muzlab qolmaslik ehtimoli katta bo‘ladi. Dehqonlar ushbu metodlarni qo‘llashga tayyor turish kerak”, – dedi mutaxassis.
Nosirjon Kayumovning taʼkidlashicha, g‘alla va sabzavotlarni sug‘orish orqali sovuq urishidan saqlab qolish mumkin.
“Shunday qilinsa, ularga sovuq ko‘p ham zarar keltirmaydi. Chunki suv yer taftini ushlaydi. Kartoshka tuganak bo‘ladi. Yer ostidaligi uchun tanasiga va poyasiga sovuq taʼsir qilishi mumkin, lekin u yana yangilanib oladi. Piyoz ham xuddi shunday. Biroq qulupnaylar taʼsirchan bo‘ladi. Ularga ko‘p suv quyib bo‘lmaydi, faqat tutatish kerak”, – deya tajribasi bilan o‘rtoqlashdi dehqon.
Avvalroq O‘zbekistonda 15—17-aprel kunlari sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilayotgani xabar qilingandi.