Qiziltepada uzumchilik kooperatsiyasi tashkil etildi

Qiziltepalik fermer Abdujabbor Avezov yetishtirgan mayizlar olmosdek yaltiraydi. Danagi yoʻq, shirasi tomoqni qirmaydi, tishga botmaydi.

— Bu mayizlar uzumning gigant navidan tayyorlangan, navni esa Samarqanddan keltirganman, — deydi “Said Siroj Samandar” fermer xoʻjaligi rahbari Abdujabbor Avezov. — Yaxshi mayiz olish uchun uzumni obi-tobida quritishning oʻzi kifoya emas, unga to pishib yetilguniga qadar parvarish kerak. Shundagina kilosi 200 ming soʻmga tortadigan mayiz olasiz.

Fermer istiqomat qilayotgan Gulbogʻ mahallasida aholining 95 foizi uzumchilik va bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Hududda uzumning gigant, mers, ketmon sopi, Rizamat ota, qora kishmish va yana bir qancha navlari keng yoyilgan. Yangi navlar esa qishloqqa Abdujabbor Avezov dalalari orqali kirib keladi. Fermerning bir gektarlik uzumzorlarida avval hududning iqlim va tuproq sharoitiga moslashib, keyin butun qishloqqa yoyiladi.

Uzumchilik Navoiy viloyati hududida ana shunday qadim anʼanaga ega. Natijada viloyatning Uchqora (Xatirchi tumani), Jarma (Nurota tumani) kabi qishloqlari oʻz brendiga ega boʻlishgan. Bugun esa uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yoʻlga qoʻyish ustuvor etib belgilangach, azaliy anʼanalar asosida har bir imkoniyatdan samarali foydalanishning choralari koʻrilmoqda. Bunda mamlakatimiz Prezidentining “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori nafaqat huquqiy asos, balki muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

— Qaror asosida tumanimizda uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha yangi tizimni yoʻlga qoʻyish, isteʼmol bozorimizni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, shuningdek, vinochilik turizmini (enoturizm) rivojlantirishni maqsad qildik, — deydi Qiziltepa tumani hokimi Ulugʻbek Fayziyev. — Eng muhimi, ushbu omillar hududimizning eksport salohiyatini, investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Imkoniyat masalasiga kelsak, Gulzor mahallasi hududidagi ilgari aerodrom sifatida foydalanilgan, hozirda boʻsh turgan 400 gektar maydon tuman zaxirasiga qaytarildi. Ushbu maydonning 100 gektarida birinchi bosqichda “Uzumchilik kooperatsiyasi”ga asos solindi. Loyihaning toʻliq amalga oshirilishi natijasida 200 ga yaqin kishining bandligi taʼminlanib, yiliga ming tonnaga yaqin uzum yetishtirilishi, 1,5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi koʻzda tutilmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

https://xs.uz/uz/post/qiziltepada-uzumchilik-kooperatsiyasi-tashkil-etildi

Social Share Buttons and Icons powered by Ultimatelysocial
error

Bizni kuzating

YouTube
YouTube
Telegram