“Fevral oxiriga borib piyoz narxi 4 000 soʻm atrofida boʻladi” – Fermerlar kengashi
Oʻzbekistonda piyoz narxi barqarorlashishi kutilmoqda. Bu haqda Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi Zayniddin Fayzullayev “Daryo”ga bergan intervyusida aytib oʻtdi.
Anomal sovuq taʼsirida Toshkent shahridagi markaziy dehqon bozorlarida piyoz narxi bir necha barobar qimmatlashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu koʻp muhokama qilina boshlandi. “Daryo” muxbiri Toshkent shahridagi “Farhod” dehqon bozorida boʻlib, piyoz narxlarini oʻrgandi. Bozor direktori o‘rinbosari Abdulaziz Shodmonovning aytishicha, narx koʻtarilishining oldini olish maqsadida piyoz zaxirasi yaratilgan.
“Hozirda 50 tonnadan oshiq piyoz zaxiramiz mavjud va u 5-6 kunga yetadi. Mahsulot tugashiga yaqin bevosita importyorlardan va dehqonlardan piyozlarni sotib olyapmiz. Bugungi kunga kelib, belgilangan narxda, yaʼni 5 ming soʻmdan kuniga 6 ta nuqtada piyoz savdosi tashkillashtirilgan.
Xalqimiz bemalol kelib, xarid qilmoqda. Jonli va katta navbatlar yoʻq. Sotuvga chiqarilayotgan piyozlar muzlamagan. Mahsulotlar qalin matolar bilan oʻralgan, ustidan sellofanlar tortilgan va yopiq xonalarda saqlanmoqda. Ularga hech qanday sovuq taʼsir qilmagan”, – dedi u.
Zayniddin Fayzullayev piyoz narxi koʻtarilishining ikkita muhim sababini tushuntirdi va mahsulot narxi qachon arzonlashishi mumkinligini taxmin qildi.
“Piyoz narxi koʻtarilishi boʻyicha tahlillar olib borilgan. Lekin sovuq bu darajada boʻlishi kutilmagandi. Rossiyaning Stavropol oʻlkasi va Ukrainada piyoz yetishtirish toʻxtadi. Piyoz mahsulotini yetishtirish boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda turadigan Pokistonda tabiiy ofat yuz berib, mamlakat togʻoldi yaylovlaridagi piyozlar nobud boʻldi. Oqibatda mahsulotlar bozorga kirib kelmaydi.
Bizda bojxona piyoz eksportini 15 kunga kech toʻxtatdi. Vaholanki, biz ularni ushbu muammo yuzaga kelishi haqidagi xat bilan ogohlantirgan edik.
Reklamani yopish
Pokiston, Afgʻoniston va bir necha davlatlar havo iliq paytida piyozlarimizni import qilib, olib chiqib ketgan. Bundan tashqari, anomal sovuqda piyoz zaxiralarimizning uchdan bir qismi nobud boʻldi. Afsuski, omborlarimiz sovuq havo haroratida mahsulotlarni saqlashga tayyor emas. Ular 10 daraja sovuqqa ham bardosh bera olmaydi.
Ammo hozir ham zaxiralarimizda yetarli piyoz bor. Faqat bir masala turibdiki, piyoz yaxlab, erigandan keyin iriydi va isteʼmolga yaroqsiz boʻlib qoladi. Hozir muzlagan piyozlarni joyidan qoʻzgʻatib boʻlmaydi. Uning muzlari sekin erigach, ustidagi yaxlaganlarini olib tashlab, qolganini isteʼmolchilarga yetkazib berish mumkin boʻladi. Buning uchun biroz kutishga toʻgʻri keladi. Oʻrganishlarimizga koʻra, piyoz narxi 20-fevralga borib, toʻrt ming soʻmga tushadi”, – dedi mutaxassis.
Oʻzbekistonda yanvar oyi boshidan 4 oy muddatga piyoz eksportiga cheklov oʻrnatildi. Zayniddin Fayzullayev mazkur qaror eksportyor fermerlar manfaatiga qay darajada toʻgʻri kelishi, ularning xorijdagi hamkorlari oldidagi majburiyatini bajarish masalasi qanday hal qilinishi toʻgʻrisidagi savolga ham javob berdi.
“Oʻzbekiston har yili Belarus, Ukraina, Litva, Latviya, Estoniya, Germaniya, Moʻgʻuliston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Eron va davlatlariga piyoz eksport qiladi. Shuni aytish kerakki, eksportyorlar shu paytgacha piyoz eksportini keragidan ortiq darajada amalga oshira oldi. Shartnomalarning barchasi ortigʻi bilan yopildi”, – dedi u.