“Qachondir bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz kerak edi” — mutaxassis bug‘doy narxining erkinlashtirlishi haqida
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Suyunov “Daryo” nashriga bergan intervyusida bug‘doy narxining erkinlashtirishi to‘g‘risida fikrlarini bildirdi. Mutaxassisning aytishicha, g‘allaning birjada, bozor narxida sotilishi fermerlar daromadi va hosildorlik oshishiga katta yordam beradi.
“Bug‘doyni davlat tomonidan sotib olish va sotishda yangi tizim joriy etilmoqda. G‘allani rejadagidan ortiqcha qismini auksion orqali sotish belgilandi. O‘tgan yili g‘allaning tonnasi 1 million 500 ming so‘m sotilgan bo‘lsa, bu yil 3 million so‘mdan sotiladi. Narxlarning bozor talablari asosida oshirilishi fermerlarni ruhlantirdi. Bu birinchi navbatda fermerning daromad topishi uchun yaxshi. Endi fermerlar qanaqa qilib birja savdolarida qatnashadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Kengashimiz tomonidan fermer xo‘jaliklari buxgalterlarini brokerlikka o‘qityapmiz. Tizimni o‘rgangach, ular birjada bemalol qatnasha oladi”, — dedi kengash vakili.
Faxriddin Suyunov
Foto: “Daryo”
Faxriddin Suyunovning ta’kidlashicha, bug‘doy bozor narxida sotilishi fermerlarni yanada ko‘proq hosil olishga ilhomlantiradi.
“Fermerlar narx oshgani uchun ruhlanib yaxshi hosil olishga intila boshladi. Bozorda yetishtirilgan hosil ko‘p bo‘lsa, un va g‘alla narxlari qimmatlashib ketmaydi. Qachondir bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz kerak edi. Bu biz uchun muhim. Masalan, fermer g‘alla yetishtirish uchun qiladigan barcha sarf-xarajatlari — mineral o‘g‘it deymizmi, yoqilg‘imi, hammasini bozor narxida xarid qilib, g‘alla yetishtiryapti. Albatta, davlat tomonidan fermerlarga ko‘proq daromad yaratishga imkoniyat berilishi kerak. Fermerlar uchun yana bir imkoniyat sifatida aytish kerakki, davlat belgilagan rejadan ortiqcha g‘allani 20 dan ortiq saqlash punktlarida bepul saqlashga sharoit yaratildi. Bunda g‘allalar don korxonalari bazalari, omborlarda kafolatli, bepul saqlanadi. Bizning kengash fermerlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘p ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, asosiy masala fermer xo‘jaliklarini huquqiy himoyasini ta’minlashdir. Bu borada hududiy kengashlarimiz har bir fermerni nazoratga olgan. Ularni huquqiy himoyasi bo‘yicha ishlarni olib bormoqda”, — dedi u.