Sifatli ekish va to‘liq nihol olish mo‘l g‘alla hosili garovidir

Sifatli ekish va to‘liq nihol olish mo‘l g‘alla hosili garovidir

Chop etish Yuklab olish (12 Kb)

Bu yil dehqonu fermerlarimiz mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida ilk bor 7 million 610 ming tonnadan ziyod g‘alla xirmoni uyishdi. Hosildorlik gektariga o‘rtacha 55 sentnerni tashkil qildi. Ilg‘or fermer xo‘jaliklari bu ko‘rsatkichni 75–85, hatto 100 sentnergacha yetkazishga muvaffaq bo‘lishdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimiz g‘allakorlariga yo‘llagan tabrigi barcha mehnatkashlarning dilini quvonchga to‘ldirdi. Yurtboshimizning tabrigida bildirilgan yuksak ishonch, kelgusidagi ishlarimizga ham katta mas’uliyat va vazifa yuklaydi. Negaki erishilgan yutuqlar bilan cheklanmay, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib mehnat qilinsa, kelgusida don hosili yanada mo‘l bo‘ladi.
Joriy yilda ilg‘or fermerlar gektaridan 75–85 sentnerdan oshirib hosil olgan bir paytda, ayrim fermer xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 20–30 sentnerni tashkil etdi xolos.
Jumladan, Shovot, Urganch, Yangibozor, Qo‘shko‘pir tumanlarining ba’zi xo‘jaliklarida aksariyat maydonlarda g‘alla urug‘i 4–5 sm chuqurlikda ekilmaganligi, o‘z vaqtida sifatli sug‘orilmaganligi, nihollar yuza unib chiqqanligi bois maysalarni sovuq urishi tufayli ko‘chatlar siyrak bo‘lib qolishiga, pirovardida ko‘zlangan hosil olinmasligiga olib kelgan.
Surxondaryolik g‘allakorlar boshoqli don ekinlarini parvarishlashda jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yishgan. Falla maydonlari sifatli tayyorlanmagani, kesakli maydonlarga ekilishiga yo‘l qo‘yilgani bois urug‘ning 50 foizi unib chiqqan xolos. Qolaversa, ekish muddatlari 4 oyga cho‘zilib ketgani tufayli maysaning rivojlanish fazasida katta farq bo‘lib, nihollar siyrak unib chiqqan. Bularning barchasi davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejaning bajarilmasligiga olib keldi.
Umuman, g‘alladan ko‘zlangan hosil olinmasligiga quyidagi holatlar sabab bo‘layotir:
- yerni ekishga tekis va sifatli tayyorlamaslik;
- yer notekis va kesakli bo‘lganligi uchun urug‘likning har xil ko‘milishi;
- dala xususiyati hisobga olinmay, ya’ni urug‘likni mexanik tarkibi og‘ir tuproqlarda 4–5, o‘rtacha qumloq tuproqlarda 5–6 sm chuqurlikda ekmaslik;
- ekish ishlari mintaqa uchun maqbul muddatda o‘tkazilmasligi; - urug‘ ekilgandan keyin sug‘orishning kechiktirilishi;
- urug‘lik sarfi barcha navlar uchun bir xil me’yorda belgilanishi shular jumlasidandir.
Har bir kvadrat metr maydonda 500–600 donadan boshoq hosil qiladigan poya shakllanganda gektaridan 50–60 sentnerdan don hosili olish imkonini beradi.
Ilmiy-amaliy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, respublikamiz tuproq-iqlim sharoitida ekishga tavsiya etilgan kuzgi bug‘doy navlari maqbul muddatda, gektariga 4,5–5 million dona unuvchan urug‘ hisobida ekilsa, talab darajasidagi ko‘chat qalinligini ta’minlashga erishiladi. Kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekish ishlarini belgilangan muddatda, tez va sifatli bajarishda mutasaddi rahbar va mutaxassislar, fermerlar quyidagi agrotexnik tadbirlarga alohida e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz.
TEXNIKANI TAYYoRLASh. O‘tgan yili ayrim hududlardagi muqobil MTPlarda texnikalarni mavsumga hozirlashga yetarli e’tibor berilmaganligi mavsumning maqbul muddatlarda sifatli o‘tkazilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bir qator fermer xo‘jaliklarida ikki yarusli omochlardan foydalanilmaganligi sababli yer sifatsiz shudgorlandi.
YeR TAYYoRLASh. Ochiq maydonlarga boshoqli don ekishda ketma-ket 2–3 yil g‘alla joylashtirilishi dalani kuchli o‘t bosishi va oqibatda hosildorlik belgilanganidan 6–10 sentner past bo‘lishiga olib keladi. Shudgor qilingan maydonlarda yer tekislash ishlari sifatli bajarilishi lozim. Yer kesakli bo‘lmasligi uchun uzun bazali tekislagichlardan unumli foydalanish maqsadga muvofiq. O‘tli maydonlardagi ajriq, g‘umoy tomirlarini terib olish zarur.
Yer tekislash ishlari sug‘orish jarayonida suv ko‘llash ehtimoli batamom yo‘q bo‘lgandan keyingina to‘xtatiladi. Agar dalada notekis joylar bo‘lsa, bu maydonlardagi nihollar suv ko‘llashi oqibatida nobud bo‘ladi va kelgusida aynan shu maydonlarda zang kasalligining o‘choqlari paydo bo‘ladi. Fo‘za qator orasiga g‘alla ekishda o‘tgan yili ayrim joylarda yer tayyorlash jarayonida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi. Urug‘ning bir qismi turli chuqurlikka va kesak o‘stiga tushib ko‘milmay qolib, 5–10 foizi unib chiqmadi.
Fo‘za qator orasiga g‘alla ekish uchun yer tayyorlashda egatlarning to‘liq buzilishi va 15–18 sm. li yumshoq tuproq qatlamini hosil qilish muhim agrotexnik tadbir hisoblanadi. Buning uchun g‘o‘zani eng oxirgi sug‘orishdan keyin albatta sifatli kultivatsiya qilish zarur. Bunda kultivatorlar otryad usulida ishlatilsa, yer qisqa muddatda tayyorlanadi va kesak ko‘chishining oldi olinadi.
EKISh OLDIDAN FOSFORLI VA KALIYLI O‘FITLARNI SOLISh. O‘tgan yili ayrim fermerlarning e’tiborsizligi tufayli g‘alla maydonlarining 10–15 foizi fosforli o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlanmasdan urug‘ ekib yuborildi. Oqibatda aynan shu maydonlarda g‘allaning gullash va mum pishish fazalarida fosfor yetishmaganligi sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Ta’kidlash joizki, ekish oldidan fosforli va kaliyli o‘g‘itlar yillik me’yorining 100 foizi berilishini ta’minlash hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega. Ko‘p yillik tahlillarga qaraganda, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlanmagan maydonlarda vegetatsiya davrining gullash, sut-mum pishish davrida fosfor tanqisligi kuzatilib, boshoqlar to‘liq shakllanmasdan boshoqdagi donning 20–30 foizi puch bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda bu maydonlarda 1000 dona donning og‘irligi 40–42 gramm o‘rniga 30–35 gramm tosh bosib, hosildorlik 10–15 sentner kamayishiga olib keladi.
Urug‘ ekishda navning xususiyatiga qarab ekishning maqbul muddati belgilanadi: kechpishar navlarni 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha, tezpishar navlarni oktyabr oxirigacha ekish maqsadga muvofiq. O‘tgan yili bir qator tumanlarda urug‘ maqbul muddatda ekilmagan maydonlardan maqbul muddatda ekilgan maydonlarga nisbatan 8–10 sentner kam hosil olindi.
Ayrim fermerlarning e’tiborsizligi tufayli o‘tgan yili 10–12 foiz maydonlarga urug‘lik 25 oktyabrdan 15 noyabrgacha ekilgan. Ushbu maydonlardagi maysa qishlovga tuplamasdan kirganligi bois, qishning ayozli kunlari zararlanib, ko‘zlangan hosil olinmadi. Fermerlarimiz ekishda gektariga 4,5–5 mln sog‘lom ko‘chat olish bo‘yicha urug‘lik hisob-kitobini qilishi kerak.
Ochiq maydonlarda g‘alla ekishda birinchi navbatda maxsus seyalkalarda ekishga e’tibor qaratish zarur. Shunda urug‘ bir xil chuqurlikka tushadi va tekis unib chiqadi. Ekishda seyalkaning diskli soshniklariga e’tibor qaratish lozim. Soshniklar to‘liq va ekishga yaroqli bo‘lishi kerak. Ekish o‘g‘it sepish moslamalari yordamida amalga oshirilsa, urug‘ bir tekis tushmaydi. Traktor izlari atrofida nihol qalin, 3 metrdan olis masofada esa siyrak bo‘lib qoladi.
Eng achinarlisi, juyak olish jarayonida urug‘ning 25–30 foizi belgilangan chuqurlikdan pastga, 10–12 foizi yuzaga chiqib qoladi. Chuqurlikka tushib ketgan urug‘ unib chiqolmaydi, yuzaga tushganlarini esa qushlar yeb ketadi. Oqibatda 1 gektarda nihollar soni o‘rtacha 20–25 % kam bo‘ladi. Fo‘za qator orasiga urug‘ ekishda maxsus moslamalardan foydalanish zarur. Bu moslamalarning ishga yaroqliligi hamda urug‘ni bir tekisda tashlashiga e’tibor qaratish kerak.
Kesakli tayyorlangan maydonlarga urug‘ ekish tavsiya etilmaydi. Egatlar to‘liq buzilmagan, 15–18 sm chuqurlikda yumshatilmagan maydonlarda g‘alla ekish o‘ta salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, urug‘ belgilangan chuqurlikka tushmaydi. Ikkinchidan, 20–30 foiz urug‘ g‘o‘zapoya tagidagi yumshatilmay qolgan joylarda qolib ketadi. Uchinchidan, kesakli maydonlarda 30–40 foiz urug‘ tuproq bilan aralashmay, yuzada qolib ketadi. Bunday salbiy holatlarning oldi olinmasa, nihol belgilangan me’yordagidan 30–40 foiz kamayadi. Qishlov paytida bu maydonlardagi maysaning aksariyat qismi nobud bo‘ladi.
PEShMA-PESh SUFORISh. Urug‘ ekib bo‘lingan maydonlarni zudlik bilan sug‘orish shart. Shunda yuzaga tushgan urug‘larni qushlar yeb ketish ehtimoli pasayadi. Falla eng maqbul muddatda ekilsa-yu lekin sug‘orilmasa, uning unib chiqish samaradorligi kun sayin pasayib ketadi. O‘tgan yili aksariyat fermerlar mana shu tadbirni bajarishda xatolikka yo‘l qo‘yishdi. Urug‘ ekilgan maydonlarni sug‘orish ishlariga yetarlicha e’tibor berilmadi.
Sug‘orish kechiktirilganligi bois urug‘ning 20–25 foizi nobud bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida hosildorlikka ta’sir etmasdan qolmadi. Shu bois bu yil sug‘orish ishlarini tashkil etishda dalaning har 50–60 metridan o‘qariq olib, sharbat bilan sug‘orish talab etiladi. Shunda dala qanchaliq katta va uzun bo‘lmasin barcha qismi bir tekis namlanib, to‘liq nihol olish imkoniyatini beradi. Aksincha o‘qariqlar olinmasa dala boshida yer o‘ta zaxlab, etagida suv ko‘llaydi. Buning oqibatida dalada nihollar siyrak unib chiqib, noyabr oyining o‘rtalarida ularda sarg‘ayish alomatlari paydo bo‘ladi.
Dalada niholning bir tekis olinmasligi hosildorlikka keskin ta’sir qiladi. Birinchi suvdan 7–8 kun o‘tgach nihollar to‘liq unib chiqmasa, zudlik bilan takroriy sug‘orishni tashkil etish kerak. Bunda dalaning chala sug‘orilgan qismi alohida suvchilar nazoratida sug‘orilishi kerak.
NIHOLLARNI TUPLAShGAChA PARVARIShLASh. Nihollar to‘liq unib chiqqandan keyin birinchi navbatda, payxon qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bunda dala chetlarini chetanlar bilan o‘rash talab etiladi. O‘rtacha 1 gektar maydonda 4,5–5 mln yoki 1 m2 da 450–500 dona nihol olinganda dalani qoniqarli deb baholash mumkin. Falla unib chiqqandan keyin 20–22 kun ichida tuplash fazasi boshlanadi.
Agar tuplash fazasi shu muddatdan kechiksa, zudlik bilan mahalliy o‘g‘itlar yordamida sharbat usulida sug‘orishni tashkil etish yaxshi samara beradi. Fo‘za qator orasiga g‘alla ekilgan maydonlarda dalani g‘o‘zapoyadan tozalash dekabrning birinchi yarmigacha tugatilishi lozim. Bundan tashqari yerning unumdorligi past maydonlarda g‘alla nihollari tuplamasdan sarg‘ayib qolsa, 1 ga maydonga sof holda 30–35 kg azotli o‘g‘itlar bilan qo‘shimcha oziqlantirib sug‘orish yaxshi samara beradi.
Maysaning qishlovga tuplagan holda kirishi sovuqqa chidamliligini oshirib, yuqori hosildorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


Ko'rildi: 12

Тошкент вилоятининг Юқори Чирчиқ туманидаги “Фарадис хирмони” фермер хўжалигида ёш тадбиркор ва фермерларнинг муаммолари, таклиф ва истакларини ўрганишга бағишланган очиқ мулоқот ўтказилди.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 noyabrdagi “2014 yilda meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz va uzum ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanishning istiqbol ko‘rsatkichlari to‘g‘risida”gi 311-sonli qaroriga asosan

Bu yil dehqonu fermerlarimiz mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida ilk bor 7 million 610 ming tonnadan ziyod g‘alla xirmoni uyishdi.