Islohotlar taraqqiyot va rivojlanishga xizmat qilmoqda

Islohotlar taraqqiyot va rivojlanishga xizmat qilmoqda

Chop etish Yuklab olish (12 Kb)

Agrar soha xodimlari o‘tgan yilni sarhisob qilib, joriy yilning ustuvor rejalarini tuzib olmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ham vazirlik tizimidagi kompaniya, uyushma, birlashma, korxona va tashkilotlarda 2013 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yakunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 17 yanvardagi majlisida belgilab berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish xususida atroflicha fikr yuritildi.
Hay’at yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, vazirlik tizimidagi barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, kompaniya, uyushma, birlashma, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlandiki, mamlakatimiz iqtisodining barcha sohalaridagi kabi qish¬loq xo‘jaligi tarmoqlarida ham 2013 yil ulkan yutuqlarga boy bo‘ldi. Sohadagi yuksalishlarni Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzasida alohida e’tirof etdi.
Jumladan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8 foizga o‘sib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,8 foizga, qishloq xo‘jaligi – 6,8 foizga, chakana savdo aylanmasi – 14,8 foizga oshdi. So‘nggi 3 yilda mamlakatimizda mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida 455 ta korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida 1 ming 140 ta loyiha amalga oshirildi.
Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi 1,2 barobar ko‘paydi va import o‘rnini bosish bo‘yicha yakuniy samara 5 milliard 300 million AQSh dollarini tashkil etdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 9 ta loyiha bo‘yicha 5334,6 mln so‘mlik yoki 143,6 foiz mahsulot ishlab chiqarildi. Izchil yuqori o‘sish sur’atlari bilan birga, yalpi ichki mahsulotning umumiy hajmida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulushining kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Masalan, 2000 yilda bu boradagi ko‘rsatkich 30,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilda faqatgina 16,8 foizni tashkil etdi. Bu avvalambor iqtisodiyotimizda amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlarning, mamlakatimiz bir paytlardagi agrar respublikadan bosqichma-bosqich ravishda sanoati rivojlangan zamonaviy davlatga aylanib borayotganining yaqqol tasdig‘idir. Qishloq xo‘jaligining o‘zida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar va sifat jihatdan yangilanishlar yuz bermoqda.
Yurtimizda ekin maydonlarini optimallashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini rayonlashtirish borasida har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilayotgani eng muhim xom¬ashyo va eksportbop mahsulot bo‘lmish paxta yetishtirishning nisbatan barqaror hajmini saqlagan holda, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni bir necha barobar ko‘paytirish imkonini berdi.
Eng muhimi, xalqimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlashga zamin tug‘dirdi, kerak bo‘lsa, ularni chet mamlakatlarga eksport qilishga imkon bermoqda. Xususan, g‘alla yetishtirish 2000 yilga nisbatan 2 barobar, kartoshka – 3,1 marta, sabzavot – 3,2 barobar, uzum – 2 marta, go‘sht va sut – 2,1 karra, tuxum – 3,4 barobar oshdi. Natijada aholi jon boshiga sabzavot ishlab chiqarish 283,2 kg, kartoshka 76 kg, poliz 50,8 kg, meva 76,9 kg va uzum 43,2 kg. ga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa tibbiy talab me’yoriga nisbatan 1,5–2,5 barobar ko‘pdir.
Mamlakatimizda jami 71 ming 652 ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritib, ularga 5 mln. 854 ming 789 gektar yer maydonlari ijaraga berilgan, bunda bir fermer xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan o‘rtacha yer maydoni 81,7 gektarni tashkil etmoqda. 2013 yilda 18 ming 346 ta fermer xo‘jaliklarida qo‘shimcha ishlab chiqarish sohalarini, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi.
Jumladan, 1525 ta fermer xo‘jaligida qoramolchilik, 679 ta fermer xo‘jaligida parrandachilik, 711 ta fermer xo‘jaligida baliqchilik, 695 ta fermer xo‘jaligida asalarichilik yo‘nalishlari tashkil etildi hamda 446 ta fermer xo‘jaligida 2,4 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar, 1365 ta fermer xo‘jaligida 5527 gektar maydonda mahalliy bog‘lar va 999 ta fermer xo‘jaligida 4,5 ming gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etildi.
O‘tgan yili mirishkor dehqon va fermerlarimizning fidokorona mehnati bilan misli ko‘rilmagan natijalarga erishildi – 7 million 800 ming tonna g‘alla, 8 million 400 ming tonna sabzavot yetishtirildi. Ulkan xirmonga 3 million 360 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi yetkazib berildi. Bugungi fermer xo‘jaliklari samarali faoliyat yuritish uchun o‘z ixtiyorida ijara asosidagi yetarlicha ekin maydonlariga ega bo‘lgan, yuksak samarali zamonaviy texnika bilan ta’minlangan, ilg‘or texnologiyalarni puxta egallagan yirik xo‘jaliklardir.
Yurtboshimizning fermer xo‘jaliklari qishloqlarimizning tayanch ustunidir, deya ta’riflagani bejiz emas. Bu borada ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan birga, ularni chuqur qayta ishlash, qurilish ishlarini amalga oshirish va qishloq aholisiga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda va o‘z istiqbolini topmoqda.
Ma’lumki, 2008 yildan boshlab mamlakatimizda qariyb 1 million 500 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilanib, yer osti suvlari yuqori bo‘lgan maydonlar 415 ming gektarga yoki salkam 10 foizga qisqardi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar 113 ming gektarga kamaydi. O‘tgan yilda “Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi” bo‘yicha jami 227,5 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari ajratilishi mo‘ljallanib, ushbu mablag‘lar 100 foiz o‘zlashtirildi.
Natijada meliorativ holati va suv ta’minoti yaxshilangan 12387 ta fermer xo‘jaligining 352122 gektar maydonida paxta hosildorligi 2 s/ga. ga oshdi. Birgina o‘tgan yilgi melioratsiya tadbirlari natijasida kelgusida 260 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilanadi.
Yurtboshimiz o‘z ma’ruzasida uqtirib o‘tganidek, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jam¬g‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, barcha manfaatdor idoralar, Fermerlar kengashi va avvalambor fermer xo‘jaliklari mazkur dasturda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashi lozim.
Hay’at yig‘ilishida bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy dasturlarning amalga oshirilishi natijasida 2013 yilda qariyb 970 ming kishi ish bilan ta’minlandi. Bu ish o‘rinlarining 60,3 foizdan ortig‘i qishloq joylarda yaratilgani e’tiborga molikdir.
Jumladan, birgina ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish natijasida qishloq joylarda 90,9 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Qishloqlarimiz tobora chiroy ochib borayotgani, aholi uchun barcha qulayliklarga ega uy-joylar qurilayotgani nafaqat mamlakatimiz ahli, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda. 2009 yildan boshlab mamlakatimizning 159 ta qishloq tumanida namunaviy loyihalar asosida 900 dan ortiq yangi uy-joy massivlari barpo etildi, umumiy maydoni 4 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 33 ming 500 dan ziyod yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi. 732 kilometr asfalt qilingan avtomobil yo‘llari, mingdan ortiq ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlari qurib ishga tushirildi.
Xususan, 2013 yilda qishloq joylardagi 353 ta massivda umumiy maydoni 1 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 10 mingta shinam uy-joylar barpo etildi, bu ko‘rsatkich 2012 yilga nisbatan 17 foizga ko‘pdir. Ushbu maqsadlar uchun qariyb 650 million dollar qiymatidagi mablag‘ yo‘naltirildi. Buning 106 million dollari Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘laridir. Joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoatni 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 6 foizga, chakana savdo aylanmasini 13,9 foizga ko‘paytirish, bozor xizmatlarini 16,2 foizga oshirgan holda, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Demak, boshqa sohalardagi kabi agrar soha xodimlari oldida ham ulkan vazifalar turibdi. Shuningdek, hay’at yig‘ilishida vazirlik hamda tizimdagi respublika va hududiy tashkilotlarda ijro intizomi, hujjatlar va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, idoraviy ish yuritishning zamonaviy uslublarini joriy etish borasida amalga oshirilgan tadbirlar kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi. Hay’at yig‘ilishida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi va uning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi.
Axborot xizmati


Ko'rildi: 12

Тошкент вилоятининг Юқори Чирчиқ туманидаги “Фарадис хирмони” фермер хўжалигида ёш тадбиркор ва фермерларнинг муаммолари, таклиф ва истакларини ўрганишга бағишланган очиқ мулоқот ўтказилди.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 noyabrdagi “2014 yilda meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz va uzum ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanishning istiqbol ko‘rsatkichlari to‘g‘risida”gi 311-sonli qaroriga asosan

Bu yil dehqonu fermerlarimiz mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida ilk bor 7 million 610 ming tonnadan ziyod g‘alla xirmoni uyishdi.